Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kambag‘allik qanday o‘lchanadi? Migrantlarning pul jo‘natishi qanchalik ta'sirga ega? – mutaxassis bilan suhbat
Aniqlanishicha, mehnat muhojirlari O‘zbekistonga pul yubormay qolgan taqdirda, mamlakatda kambag‘allik darajasi oshib, 17 foizga yaqinlashishi mumkin.
2020 yildan boshlab, O‘zbekistonda kambag‘allik haqida ochiq gapirila boshlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaatida mamlakatdagi kambag‘allik darajasi 12-15 foiz atrofida ekanini ma'lum qildi.
Kun.uz muxbiri shu mavzuda siyosatshunos-iqtisodchi, PhD darajasiga ega ijtimoiy va davlat sektoridagi innovatsiyalar sohasi mutaxassisi Bahrom Rajabov bilan suhbatda bo‘ldi.
– Jahon banki ekspertlari tomonidan 1990 yilda kambag‘allikni o‘lchash bo‘yicha metodika taklif etilgan. Metodika bo‘yicha kambag‘allik ko‘rsatkichini aniqlashdagi mezonlar nimalardan iborat?

– 2017-2018 yillarga qaraydigan bo‘lsak, Jahon banki O‘zbekiston bo‘yicha kambag‘allik ko‘rsatkichini keltirgan. Shu raqamlarga asoslanib, aytish mumkinki, 2017 yilda O‘zbekistonda kambag‘allik 11,9 foiz bo‘lgan. 2018 yilda bu ko‘rsatkich 11,4 foizga tushgan.
Shuni aytib o‘tish kerakki, aynan Jahon banki odatda hukumat taqdim qilgan statistik ma'lumotlarga asoslanib bu raqamlarni beradi. Demak, bu raqamlar bo‘yicha biz 2018 yilda ana shu vaziyatda edik.
Yana shuni aytib o‘tish kerakki, kambag‘al va o‘rta darajadagi mamlakatlarda kambag‘allik 9,6 foiz edi. O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich nisbatan yuqori.
Mezonlarga keladigan bo‘lsak, shuni tushunish kerakki, o‘ta kambag‘allik ko‘rsatkichi (extreme poverty) bor. Kuniga 3 dollar 20 sentga yashaydigan aholi qashshoq emas, kambag‘al deyiladi. Kuniga 2 dollardan kamroq pul topadigan aholi soni qashshoq yoki o‘ta kambag‘allar qatoriga kiradi.
Kambag‘allik turlari har xil. Kambag‘allik deyilganida ana shu turlarni hisobga olish kerak.
– 1990 yildan boshlab har ikki yilda Jahon banki tomonidan «Kambag‘allik va yalpi farovonlik» hisoboti e'lon qilib boriladi. 2018 yilda taqdim etilgan so‘nggi hisobotda O‘zbekiston bo‘yicha qanday fikrlar bildirilgan?

– 2018 yilda taqdim etilgan so‘nggi «Kambag‘allik va yalpi farovonlik» ma'ruzasiga ko‘ra, kambag‘allik ko‘rsatkichi 2018 yilda O‘zbekistonda 0,5 foizga tushgan.
Kambag‘allikni yengish va iqtisodiy o‘sishni ta'minlash masalasiga kelsak, O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish Jahon banki ko‘rsatkichlari va prognozlariga ko‘ra hozirda 5,7 foiz, kelasi yili va 2023 yilda 6 foiz bo‘ladi. Bu – yuqori ko‘rsatkichlardan biri. Bu tabiiy hol.
Tabiiy hol deyishimga sabab – rivojlanayotgan mamlakatlardagi iqtisodiy o‘sish sur'atlari shunday bo‘lishi kerak. Aks holda, o‘sha mamlakat nimanidir noto‘g‘ri qilayotgan bo‘ladi.
Savolingizga qaytadigan bo‘lsak, aynan iqtisodiy o‘sish kambag‘allikka ta'sir qilmay qolishi ham mumkin. Dunyodagi rivojlanayotgan mamlakatlar tajribasida ana shunday holatlar ham bor.
Mamlakatlarning vazifasi shundan iboratki, ular iqtisodiy o‘sish evaziga kambag‘allik darajasi kamayishiga erishishlari kerak. Buning uchun maxsus dasturlar kerak.
Umuman olganda, Jahon bankining ham, boshqa xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘sish va kambag‘allar sonini kamaytirish bo‘yicha prognozlari ijobiy.
– Jahon banki, BMTning Taraqqiyot dasturi va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda Kambag‘allikni kamaytirish dasturini ishlab chiqish mo‘ljallangan. Mana shu dasturda qaysi yo‘nalishlarga ko‘proq e'tibor qaratilishi kerak?

– Bu dasturni ishlab chiqishda hukumat va xalqaro tashkilotlar ish olib borishadi. Shuning uchun ularga oldindan qandaydir maslahatlar berish noto‘g‘ri bo‘ladi. Lekin fursatdan foydalanib, o‘z fikrlarimni aytib o‘tmoqchiman.
Kambag‘allikni yengishning universal retseptlari bor, buning uchun muayyan qadamlarni qo‘yish kerak.
Birinchisi – mehnat bozorida ish joylarini yaratish. Bu eng avvalida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan, murakkab ish. Birinchi navbatda qilinadigan ish shu bo‘lishi kerak. Yaratilgan ish joylari ishlayotgan odamga yetarli darajada daromad olib kelishi kerak. Chunki nomiga yaratilgan, maosh kam beriladigan ish joylari kambag‘allikni yengishda yordam bermaydi.
Ikkinchisi, ijtimoiy dasturlar. Sog‘liqni saqlash, kasbga yo‘naltirish bo‘yicha ijtimoiy dasturlar bo‘lishi kerak. Kam ta'minlangan va kambag‘al aholi bu dasturlarda birinchilardan bo‘lib ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak.
Odamlarni kambag‘allikdan olib chiqish uchun aholining moliyaviy savodxonligini oshirish haqida 2020 yilgi davlat dasturida ham aytib o‘tilgan. Bu ham bir instrument bo‘lishi mumkin.
Uchinchisi – kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish. Mamlakatda biznes muhitini yaratish, uni yaxshilash. Jahon banki reytinglariga qaytamiz. Biznes ochish bo‘yicha O‘zbekiston 8-o‘rinda. Lekin biznesni ochish bilan ish bitmaydi. Biznes xoh kichik, xoh o‘rta, xoh yirik kompaniya bo‘lsin, uni yuritish kerak. Biznesda xato qilish, qayta moliyalashtirish manbalariga ega bo‘lish, ish yuritish yengil bo‘lishi lozim. Xatoning narxi bo‘ladi. Xohlardimki, biznes muhitida xatoning narxi pastroq bo‘lsa.
Biznes muhitini yaxshilash borasida hali O‘zbekiston oldida talay vazifalar bor. Aynan shu jihat ham yaxshilansa, ish joylari yaratiladi, odamlarda kapital bo‘ladi. Natijada biz kambag‘allikni kamaytirish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.
– Kambag‘allik muammosini bartaraf qilgan qaysi xorijiy mamlakatlar tajribasini misol sifatida keltira olasiz? O‘zbekiston ham ana shu tajribadan foydalana oladimi?

– Nazariyada ham, amaliyotda ham turli fikrlar mavjud: iqtisodiy rivojlanish birinchi bo‘lishi kerakmi yoki ijtimoiy dasturlar?
Jahon banki kabi tashkilotlar sarmoyani inson kapitali va ijtimoiy dasturlar – ta'lim va tibbiyotga kiritishni tavsiya etadi.
Yana bir instrumentlardan biri – minimal maosh darajasini oshirish. Iste'mol savatchasini boyitish, minimal daromadni ko‘tarish. Buni turli yo‘llar bilan amalga oshirish mumkin. Masalan, tibbiyot yoki ta'limga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya kiritish.
Soliq siyosati nuqtayi nazaridan aytadigan bo‘lsak, ayrim davlatlarda progressiv shkala mavjud. Ya'ni, kamroq daromad topayotgan odamlardan kamroq, ko‘proq daromad topayotganlardan ko‘proq soliq olinadi. Bu juda murakkab tizim, lekin shu bilan birga adolatli tizim.
Bu juda ham murakkab savollar, bu haqida ikir-chikirigacha e'tibor bergan holda fikr yuritish kerak. Ayni vaqtda bizga to‘g‘ri keladigan modelni topa olish – vazifamiz.
Masalan, savolingizga kelsak, Yevropa mamlakatlaridan bo‘lgan Slovakiyada odamlarni kambag‘allikdan olib chiqish bo‘yicha samarali dastur bo‘ldi. Qanday iqtisodiy siyosat evaziga bunga erishishdi? Aynan ijtimoiy dasturlarni ko‘paytirib, ishsizlar bilan ishlash, ularni o‘zgarayotgan mehnat bozoriga moslashtirish bo‘yicha davlat dasturlari.
Maktablarda yoki oliy o‘quv yurtlarida bepul ta'limni ta'minlab berish ham shu jumladan. Aslida hech narsa tekin emas, davlat puli degani – soliq to‘lovchilarning puli.
Davlatning vazifasi – mavjud resurslardan oqilona foydalanib, jamiyatda adolatni ta'minlash – ijtimoiy tenglikni yaratib berish.
– Jahon bankining «O‘zbekiston fuqarolarini tinglab» ma'ruzasida kambag‘allik va uni qisqartirish bo‘yicha qanday ma'lumotlar keltirilgan?
– Bu tadqiqot Jahon bankining kambag‘allik iqtisodiyoti mutaxassisi Uilyam Zeyts boshchiligida ishlab chiqilgan. U xorijdan pul yuborib turgan mehnat muhojirlarining 4 mingdan ko‘proq uy xo‘jaliklarida bo‘lgan. Xulosasi shundayki, O‘zbekistonga mehnat muhojirlari tomonidan pullar yuborilmay qolsa, O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi oshadi – kambag‘allik darajasi 16,8 foiz bo‘lishi ehtimoli bor.
Tadqiqotda boshqa gipoteza ham bor. Chet davlatlardagi mehnat muhojirlari O‘zbekistonga qaytib, mahalliy mehnat bozorida ish topib, nisbatan yaxshi maosh olishsa, kamabag‘allik ko‘rsatkichi 2018 yilda ko‘rsatilgan 11,4 foizdan 12,2 foizga ko‘tariladi. Baribir ko‘tarilish bo‘ladi.
Demak, aynan tashqi migratsiya – mehnat bozoridagi muhim omil. Chunki O‘zbekistonning mehnat bozori hozirda ish joylarini yetarli darajada ta'minlab bera olmayapti.
Tadqiqotda mehnat bozori zaifroq ekani aytilgan. Shu jihatdan tashqi migratsiya O‘zbekiston uchun ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jihatdan ijobiy omil bo‘lib turibdi.
Mavsumiy migratsiya degan tushuncha bor. Tadqiqotda mehnat muhojirlari mavsum tugagach uyiga qaytib kelgach, o‘sha uy xo‘jaliklarida daromadlar pasayishi va kambag‘allik darajasiga tushib qolishi ham aytilgan. Bu bir-biriga ta'sir qiluvchi omillar. Buni e'tiborga olish kerak.
Gulzoda Ibrohimova suhbatlashdi.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.
Ma'lumot uchun: Bahrom Rajabov – Radjabov せんせい Telegram-kanalida siyosiy masalalar yuzasidan tahliliy mulohazalarini berib boradi.
Mavzuga oid
17:42 / 15.05.2023
Xitoy tajribasi asosida har bir viloyatda kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha alohida dastur amalga oshiriladi
17:06 / 15.05.2023
Yil yakunigacha 550 ming aholi yangi tizim asosida o‘qitilib, kambag‘allikdan chiqariladi
16:58 / 15.05.2023
Ayrim tadbirkorlarga soliqlar bo‘yicha alohida imtiyozlar beriladi
16:34 / 15.05.2023